Direktorning so‘z boshi
Nihoyat, men va jamoam uzoq kutilgan marraga – o‘z maktabimizni ochish bosqichiga yetib keldik. Ungacha men to‘rt yil davomida shartnoma asosida bir xususiy maktabni boshqardim va u yerda biz bolalarni yaxshi ko‘radigan, ularning kelajagi haqida qayg‘uradigan kuchli professional pedagoglar jamoasini shakllantirishga erishdik.

Sentabr oyida biz o‘z maktabimiz – Algorithm School –ning eshiklarini ochamiz. Maktab Uchtepа tumani, Algoritm massivi yaqinida joylashgan bo‘lib, Uchtepa, Chilonzor va Sergeli tumanlari aholisi uchun qulay joyda. Bu yerda biz kelajakda muvaffaqiyatga tayyor, har tomonlama rivojlangan avlodni tarbiyalash haqidagi orzularimizni ro‘yobga chiqaramiz!

Ta’lim dasturi 4C uslubiga asoslanadi – communication, collaboration, creativity, critical thinking (muloqot, hamkorlik, ijodkorlik va tanqidiy fikrlash). Finlandiya modelidan biz o‘quvchilarga ko‘proq erkinlik berish, ularning o‘zini ifoda etishini qo‘llab-quvvatlash, guruh o‘yinlari, uzun tanaffuslar, o‘qituvchilarga kengroq akademik erkinlik berish va kuchli ota-onalar qo‘mitasi kabi jihatlarni olamiz. Osiyo modelidan esa matematikani hamda ingliz va arab tillarini intensiv o‘qitish tajribasini olamiz.

Ta’lim tili – o‘zbek, rus va ingliz tillari (yuqori sinflarda ayrim fanlar ingliz tilida olib boriladi). Matematika, ingliz tili va arab tili kuchaytirilgan rejimda o‘qitiladi. Yuqori sinflarda IELTS va SAT ga tayyorlov bo‘ladi.

Shuningdek, biz milliy va umuminsoniy qadriyatlarni shakllantirishga qaratilgan tarbiya tizimini yaratmoqdamiz. Bu tizim o‘quvchilarning o‘zini o‘zi boshqarishini va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, mening va taklif etilgan mehmonlarning “Muhim mavzular” haqidagi suhbatlari, halollik va o‘zaro yordamni rag‘batlantirish, buyuk olimlarning hayot yo‘lini o‘rganish, o‘quv kuni davomida smartfonlardan voz kechish va boshqa ko‘plab elementlarni o‘z ichiga oladi. Erta yoshdan tarix va adabiyotga alohida e’tibor qaratiladi, chunki aynan shu fanlar tanqidiy fikrlashni rivojlantiradi va qadriyatlarni shakllantiradi. Biz ingliz tilini biladigan, ammo tor dunyoqarashli avlodni emas, balki kelajak liderlari, innovatorlar, o‘z fikriga ega bo‘lgan va uni erkin ifoda eta oladigan shaxslarni tayyorlashni istaymiz.

Maktabimizning yana bir farqli jihati – ota-onalar maktabini yo‘lga qo‘yishimizdir. Bugungi kunda ayrim ota-onalar farzandini yaxshi o‘qishga qanday rag‘batlantirish, uning psixikasini buzmaslik, kamchiliklari bilan qanday ishlashni bilmaydi. Shu maqsadda, sentabrdan may oyigacha, ikki haftada bir marta (bepul) ota-onalarimiz uchun ma’ruzalar va seminarlar o‘tkazamiz. Biz ularga o‘qishga qiziqish uyg‘otish sirlarini ochamiz va yo‘l qo‘yishlari mumkin bo‘lgan asosiy xatolar haqida gapirib beramiz. Biz uchun ota-onalar – mijoz emas, ular hamkorlardir.

Biz, shuningdek, o‘quvchilar va ota-onalar uchun yuqori darajadagi xavfsizlik va qulayliklarni ta’minlaymiz. Qulay maktab mebellari, barcha sinflarda elektron doskalar, maktab ichida ijtimoiylashish va faol hordiq uchun katta maydonlar, ota-onalar uchun kutish zali, oson kirish va avtoturargoh, kirishda kitob do‘koni va ichkarida katta kutubxona, restoran darajasidagi oshpazlar va boshqa ko‘plab qulayliklar mavjud bo‘ladi.

Ma'lumotlaringizni qoldiring va biz sizga tez orada bog'lanamiz
Algorithm school
+998 88 000 80 30
+998 88 000 90 30
Toshkent shahar, Uchtepa tumani, Katta Qa'ni mahallasi, "Qurilish" ko'chasi, 88 uy